- Sardoba suv omborini kim qurgan?
- «To‘palang» suv omboridan 361 kilometrlik suv quvurlari yotqiziladi
- 1,7 million surxondaryolikni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun «To‘palang» suv omboridan magistral quvur yotqizish loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 138 mln dollarga baholanmoqda, quvurlar uzunligi — 361 km.
- Prezident To‘palang GES modernizatsiyasi jarayoni bilan tanishdi
- Surxondaryodagi To‘palang gidroelektr stansiyasining quvvati 250 MVtga yetkaziladi. Prezident ob’ekt modernizatsiyasi jarayoni bilan tanishdi.
- «Ramatov, suv ombori loyihasiga boshingiz bilan javob berasiz» — prezident
- Prezident Shavkat Mirziyoyev «To‘palang» suv ombori Surxondaryo aholisining suv bilan bog‘liq muammolarini hal qilishi kerakligini ta’kidlab, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovni loyihaga mas’ul qilib tayinladi. Shuningdek, prezident koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m ketganligini, lekin u pulga achinmasligini aytdi.
Sardoba suv omborini kim qurgan?
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida 1-may kuni ertalab to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.
Ushbu hodisadan so‘ng jamoatchilikda bu nima uchun sodir bo‘lgani haqida savollar tug‘ildi, suv ombori qurilishida ishtirok etadigan kompaniyalar nomiga ayblovlar aytila boshlandi. Xulosa chiqarishga hali erta. Hodisa sabablari tergovda aniqlanadi. “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlar va axborot manbalari asosida loyiha tafsilotlarini aniqlashga harakat qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Suv ombori qurilishi 2010-yilda Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i suv oqimi hududida boshlanib, 2017-yilda yakunlandi. Gidrotexnika inshooti 922 million kubometr suv sig‘imiga ega ekani va bu Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlarining unumdor yerlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga imkon berishi xabar qilingan edi.
2017-yilning 17-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev suv ombori bilan tanishar ekan, gidroenergetika sohasida yangi kompaniya tashkil etish bo‘yicha rejalarni baham ko‘rdi. Keyingi kuni davlat rahbarining “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirgan gidroelektrstansiyalar, gidrotexnik va gidroenergetika bilan bog‘liq boshqa bo‘linmalar, shuningdek, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining “O‘zsuvenergo” birlashmasiga qarashli bo‘lgan barcha gidroelektrostansiyalarni birlashtiruvchi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.
“O‘zsuvenergo” birlashmasiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida “To‘palangsuvGESqurilish” MChJ boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan senator Abdug‘ani Sanginov yangi kompaniya boshqaruvi raisi etib tayinlandi.
“O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi mamlakatning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanadigan gidroenergetika resurslari ulushini izchil oshirish, yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni tashkil etish, mavjud GESlarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, gidroenergetikani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Qurilish vaziri Botir Zokirov, “O‘zbekgidroenergo” raisi Abdug‘ani Sanginov va Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 2-mayda to‘g‘on o‘pirilgan joyda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davletovuz Telegram-kanali gidroenergetika sohasida To‘palang HPD Holding va uning tuzilmaviy kompaniyalari (To‘palang HPD Platinum, To‘palang HPD Water Construction, To‘palang HPD Building, To‘palang HPD Irrigation Systems, To‘palang HPD Steam — Gas, To‘palang HPD Service, To‘palang HPD Engineering) amalga oshirayotgan loyihalarga e’tibor qaratdi.
“Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, To‘palang HPD Holding Prezidentning 2003-yil 24-yanvardagi farmoni talablari asosida “To‘palang suv ombori va GES qurilish”ning “To‘palangsuvGESqurilish” MChJ etib qayta tashkil etilishi natijasida vujudga kelgan, 2017-yil dekabrida yana qayta tashkil etilgan. Uning asosiy faoliyat turlari GES, suv xo‘jaligi inshootlari, gidrouzellar qurish, kanal hamda drenajlar qazish va boshqalarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishdan iborat.
“O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati 21-aprel kuni Sardoba suv ombori qoshida To‘palang HPD Irrigation Systems ishtirokida kichik GES qurilishi boshlanganini ma’lum qilgan edi. Loyiha qiymati 21,3 million yevroga teng bo‘lib, obyektni 2022-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Kompaniya To‘palang HPD Holding tomonidan Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES (loyiha qiymati 180 million dollar), shuningdek, Pskem daryosida Pskem GES (810 million dollarga baholanmoqda) loyihalarida ham qurilish ishlarini olib borayotganini ma’lum qildi.
To‘palang HPD Platinum Xorazm viloyati Toshsoqa magistral sug‘orish kanallari tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi (29,7 million dollarga baholangan) ustida ham ish olib bormoqda.
Bundan tashqari, To‘palang HPD Building 2019-yil 9-iyul kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida Katta Farg‘ona kanalida Kichik gidroelektr stansiyalar kaskadini foydalanishga topshirdi (31 million dollarga baholangan).
2019-yil martida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida Tuyabo‘g‘iz suv omborida To‘palang HPD Irrigation tomonidan qurilgan kichik GES ochildi (16,3 million dollarga baholangan).
To‘palang HPD Building Surxondaryo viloyatida “Termiz marvaridi” sanatoriyasi qurilishida ham ishtirok etgan.
“O‘zsuvloyiha” loyiha instituti kuzatuv kengashining besh nafar a’zosidan ikki nafari — To‘palang HPD Holding vakili hisoblanadi. “O‘zsuvloyiha” kompaniyasi Andijon tumanida Kuyganyor gidrouzeli quyi qismini yuvilishdan saqlash uchun himoyalovchi inshootni qurish loyihasi, Navoiy viloyatida “Konimex-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish va boshqalarda bosh loyihalovchi hisoblanadi.
“O‘zbekgidroenergo” va To‘palang HPD Holding yuridik manzili mos tushadi: Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 22.
Xoldingdagi 61,7 foiz ulush Islom Abdurahmonovga tegishli. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlari.
To‘palang HPD Holding direktori Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonov — Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li.
“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, To‘palang HPD Water Construction kompaniyasi Sardoba suv ombori qurilishida qatnashgan 10 dan ziyod subpudratchilardan biri bo‘lgan.
Loyiha qiymati
Sardoba suv ombori qurilishi to‘g‘risidagi hujjat ochiq ma’lumotlarda mavjud emas. Gidroinshoot hozir ham “O‘zbekiston temiryo‘llari” hisobida.
“Gazeta.uz” gidroinshootning hali ham “O‘zbekiston temiryo‘llari” hisobida turganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Sardoba suv ombori qurilishi 2017-yil 1-yanvar holatida 1 trillion 306 milliard 940 million 400 ming so‘m (Markaziy bankning 2017-yil 1-yanvardagi kursi bo‘yicha 404,4 million dollar).
Ochilboy Ramatov, Shavkat Hamroyev, Shavkat Mirziyoyev va Abdug‘ani Sanginov, 2017-yil, may.
Foto: “O‘zbekiston” kanali, O‘zA.
2017-yil may oyida Prezidentga taqdimot marosimida “O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasining sobiq raisi Ochilboy Ramatov (hozirgi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari), qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shavkat Hamroyev (hozirgi suv xo‘jaligi vaziri) va “O‘zsuvenergo” raisi Abdug‘ani Sanginov (hozirda “O‘zbekgidroenergo” raisi) ishtirok etdi.
“O‘zbekgidroenergo” izohi
“Biz milliy va xorijiy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda Sardoba suv omborida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha “O‘zbekgidroenergo” AJ obro‘siga putur yetkazuvchi asossiz va yuzaki xulosalar, noto‘g‘ri talqinlarga rasmiy munosabatimizni bildirishni xohlardik”, — deyiladi kompaniya matbuot kotibi Ravshan Boyqulovning “Gazeta.uz” tahririyatiga yuborgan xabarida.
Sardoba suv omborining 2010−2017-yillarda qurilganini qayd etar ekan, kompaniya vakili sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi obyekt buyurtmachisi ekanini ta’kidladi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” qoshidagi “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi bosh pudratchi sifatida tanlangan. Obyekt qurilishida ishtirok etgan 10 dan ortiq subpudratchi tashkilotlar, jumladan “O‘zmaxsusqurilish”, Omad Dubl, BOYOVUD qatorida “Rezaksoy suv qurilish” (hozirgi — To‘palang HPD Water Construction) qurilish jarayonida o‘ziga ajratilgan qismda qurilish ishlarini olib borgan.
To‘palang HPD Water Construction tomonidan olib borilgan ishlar tegishli komissiya tomonidan belgilangan tartibda qabul qilib olingan, deya ma’lum qildi matbuot kotibi.
“Biz To‘palang HPD Holding MChJ Sardoba suv omborining avariya sodir bo‘lgan qismida qurilish ishlarini olib bormagani, Abdurahmonov Islom Abdug‘aniyevich esa 2010−2017-yillarda To‘palang HPD Holding MChJ va uning filiallarida umuman ishlamaganini ta’kidlashni xohlardik. Bundan tashqari, “O‘zbekgidroenergo” AJ Prezidentning 2017-yil 18-maydagi №UP-5044 farmoni bilan tashkil etilgan. Shunday qilib, qayd etish joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ Sardoba suv ombori qurilishi uchun javobgar emas va unda ishtirok etmagan”, — dedi Ravshan Boyqulov.
Uning qayd etishicha, Sardoba suv omboridan foydalanish bo‘yicha nazorat faoliyati “Davsuvxo‘jaliknazorat” (Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) tomonidan amalga oshiriladi.
“Yuqorida keltirilganlarga asoslanib, biz ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarning asossiz va yolg‘on ekanini ma’lum qilamiz”, — dedi u.
Источник
«To‘palang» suv omboridan 361 kilometrlik suv quvurlari yotqiziladi
1,7 million surxondaryolikni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun «To‘palang» suv omboridan magistral quvur yotqizish loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 138 mln dollarga baholanmoqda, quvurlar uzunligi — 361 km.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda Toshkent shahrida xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 46 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta’mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.
Shu bois prezident 2 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida «To‘palang» suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shunga muvofiq, dastlabki loyiha ishlab chiqildi.
Abdug‘ani Sanginov prezident Shavkat Mirziyoyevga loyihani taqdim etmoqda. Foto: «O‘zbekiston 24».
«O‘zbekgidroenergo» boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov taqdim etgan loyihaga ko‘ra, «To‘palang» suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari quriladi. U yerdan tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.
Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Dastlab 400 kilometrlik magistral tarmoq yotqizilishi va xalqaro moliya institutlaridan 150 mln dollar jalb etilishi haqida xabar berilgan edi.
Davlat rahbari loyihani ma’qullab, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Qurilish ishlarini «Obod qishloq» dasturi bilan uyg‘unlashtirish, suv ta’minoti bo‘yicha davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida loyiha bir necha bosqichda amalga oshirilishi, suv tumanlarga quvurlar yotqizilishi bilan yetkazib berilishini ma’lum qildi.
«To‘palang» suv omborini qurish ishlari 1960-yillar oxirida boshlangan bo‘lib, qariyb 20 yil davom etdi. Suv omborining sig‘imi 380 mln kub metrdan 500 mln kub metrga yetkazilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi qarori (№164) bilan suv ombori «O‘zbekgidroenergo» tarkibiga o‘tkazilgan.
Источник
Prezident To‘palang GES modernizatsiyasi jarayoni bilan tanishdi
Surxondaryodagi To‘palang gidroelektr stansiyasining quvvati 250 MVtga yetkaziladi. Prezident ob’ekt modernizatsiyasi jarayoni bilan tanishdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidroelektr stansiyasini borib ko‘rdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Bu yerda har biri 15 megavatt bo‘lgan ikkita agregat ishlab turgan edi. Prezident topshirig‘iga muvofiq, avvaliga To‘palang suv ombori to‘g‘oni 20 metrga ko‘tarildi. Natijada uning sig‘imi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Ayni paytda jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat o‘rnatish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, har biri qariyb 38 megavatt bo‘lgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik gidroelektr stansiyalari ham barpo etilyapti. Shu tariqa energiya olish quvvati jami 250 megavattga yetkaziladi.
Ahamiyatlisi shundaki, bu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchandir. Ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda barqaror energiya ishlab chiqarilib, sanoat korxonalari, turli idoralar va aholiga yetkazib beriladi.
Davlat rahbari yangi to‘g‘on va gidroelektr stansiyani ko‘zdan kechirdi.
«Bu tarixiy voqea, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu ishlarkelajak uchun, bolalarimiz uchun. Kelgusida Surxondaryo gidro energiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini ta’minlasa bo‘ladi».
Shu yerda suv omborlari va gidroelektr stansiyalari holatini monitoring qilishga ixtisoslashgan texnik tizimlar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Prezident suv omborlari to‘g‘onlarini mustahkamlash va doimiy nazorat qilish, xavfsizligini ta’minlash, ilmiy ishlanmalar asosida ulardan foydalanish koeffitsentini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Источник
«Ramatov, suv ombori loyihasiga boshingiz bilan javob berasiz» — prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev «To‘palang» suv ombori Surxondaryo aholisining suv bilan bog‘liq muammolarini hal qilishi kerakligini ta’kidlab, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovni loyihaga mas’ul qilib tayinladi. Shuningdek, prezident koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m ketganligini, lekin u pulga achinmasligini aytdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda «To‘palang» suv ombori loyihasiga bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov mas’ul bo‘lishini aytdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.
«Xudo bergan shuncha suvimiz turibdi, lekin xalqqa yetkazib bera olmayapmiz. Quyoshdan energiya olyapmiz, endi bu tomonini ham to‘g‘rilab qo‘yaylik. Suv ta’minotini bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz kerak. „To‘palang“ suv ombori katta qiyinchiliklar bilan barpo qilingan, endi Surxondaryo xalqiga xizmat qilishi kerak. Ramatov (bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov — tahr.), bu loyihaga boshingiz bilan javob berasiz», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
Prezident ushbu loyiha uchun ajratilayotgan mablag‘ xalq uchun ekanligini, uning har bir so‘mi uchun so‘rov qattiq bo‘lishini qayd etdi.
«Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, bu mablag‘ni topib beryapmiz. Agar pandemiya bo‘lmaganida edi, imkoniyatlarimiz yanada ko‘proq bo‘lardi. Koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m mablag‘imiz ketdi. Lekin bu pulga achinmayman, xalqimizni imkon qadar asrab qoldik. Demak yangi loyihalar uchun ajratilayotgan bu mablag‘larning so‘rovi bo‘ladi. Oqsoqollar, „Bolam, nima qilyapsan?“ deb rahbarlarni tergab turinglar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mutasaddilarga halol ishlash kerakligini ta’kidladi.
«Endi halol ishlagan rahmat oladi, o‘g‘rilik qilgan la’nat oladi. O‘z hududida la’nat olib, sharmanda bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.
Источник